Baş Bet » Haberler, O`zbekiston » Yuksak e’tirof va ehtirom ramzi

Yuksak e’tirof va ehtirom ramzi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, boy ma’naviy merosimizga, milliy an’ana va qadriyatlarimizga ehtirom ruhida tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi. Yurtimizda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 569 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

An’anaga ko‘ra 9 fevral kuni poytaxtimizdagi shoir nomi bilan ataluvchi O‘zbekiston Milliy bog‘i erta tongdanoq yozuvchi va shoirlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, yurtimizdagi xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari bilan gavjum bo‘ldi.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov, navoiyshunos olim, akademik Aziz Qayumov, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida erkin, adolatli va farovon hayot barpo etish jarayonida Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yoshlarni teran tafakkur, yuksak ma’naviyat sohiblari etib tarbiyalash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.

Bu jihatlar ulug‘ allomalarimiz, jumladan, Alisher Navoiyning boy badiiy-ilmiy merosini asrab-avaylash, atroflicha o‘rganish va undan navqiron avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, tariximizga hurmat ruhida tarbiyalashda keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shoir asarlarida tarannum etilgan insonparvarlik, bag‘rikenglik, saxovat, mehr-muruvvat g‘oyalari yurtimizda barkamol avlodni voyaga yetkazishda, ijtimoiy adolat, bunyodkorlik, yaratuvchanlik sohalarida erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sulton Pirmuhamedov Alisher Navoiy ijodi asrlar osha insoniyatni ezgulik, poklik, hamjihatlik, tinchlik, ahillik, kamolot sari undab kelayotganini ta’kidladi. Shu bois uning asarlari butun bashariyatning, jumladan, turkman xalqining ham ma’naviy mulkiga aylangan. Ulug‘ shoirning asarlari jahon xalqlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda, ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda, nashr etilmoqda.

Shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Oripov, Toshkent shahar hokimi A.To‘xtayev ishtirok etdi.

***
Shu kuni poytaxtimizdagi Shoirlar xiyobonida mushoira bo‘lib o‘tdi.

Alisher Navoiyning ijodiy merosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, navoiyxonlik kechalari, mushoiralar, adabiyot haftaliklari, ilmiy anjumanlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, poytaxtimizdagi ta’lim maskanlarida, ma’naviyat va ma’rifat dargohlarida, kutubxonalarda, mahallalarda davom etmoqda.

Qaynaq: O`zA

Oxunma sayı: 11

Yorum yazabilirsiniz