Baş Bet » Haberler, O`zbekiston » Shahar yashillikka burkanadi

Shahar yashillikka burkanadi

O`zA, Toshkent, 10.03.2010 – Xalqimiz Navro‘zni uyg‘onish fasli, yangilanish pallasi, ezgulik ayyomi sifatida ulug‘lab keladi. Navro‘z oldidan hashar yo‘li bilan ariq-zovurlar tozalanadi, ko‘chalar, hovli-joylar saranjom-sarishta qilinadi, ziyoratgoh va qabristonlar obodonlashtiriladi, ezgu niyat bilan ko‘chat ekish, urug‘ qadash ishlari boshlab yuboriladi. Keksayu yosh ishtirok etadigan bunday savobli yumushlar odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Navro‘zga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarga Qarshi shahar ko‘kalamzorlashtirish korxonasi jamoasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Viloyat markazini yanada go‘zal va obod qilish, markaziy ko‘chalar va xiyobonlarni tozalash, ariqlar va suv yo‘llarini tartibga keltirish, yo‘l yoqalariga daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Mavsumda Qarshi shahrida 290 ming tupga yaqin turli manzarali ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan, – deydi Qarshi shahar ko‘kalamzorlashtirish korxonasi bosh agronomi Ravshan Norov. – Hozirga qadar ichki va markaziy ko‘chalar, yo‘l yoqalariga 100 ming tup mojjevelnik, majnuntut, yapon saforasi, hind sireni, katalpa, dub, sosna kabi manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Viloyat markazidagi tarixiy obidalar, yodgorlik majmualari atroflarida barpo etilgan yashil hududlarda atirgul, katarantus, skumpiya, magoniya, shafran, pituniya singari gullar o‘stirilmoqda. Shahar bo‘yicha ko‘kalamzorlashtirilayotgan 203 gektar maydonning 70 gektarini shunday maysazor va gulzorlar tashkil etadi.

So‘nggi yillarda Qarshi shahri kengayib, bir necha markaziy ko‘chalar uzaytirildi. Shu munosabat bilan ko‘kalamzorlashtirilayotgan maydonlar ham kengaymoqda. Shahar ko‘kalamzorlashtirish korxonasining Bog‘obod uchastkasidagi 31,5 gektar maydonda o‘n turga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari o‘stirilib, ko‘kalamzorlashtirilayotgan ko‘cha va mavzelarga yetkazib berilmoqda.

Oxunma sayı: 25
Açar sözler: , ,

Yorum yazabilirsiniz