"Biz ki Melik-i Turan, Emîr-i Türkistan'ız, Biz ki Türk oğlu Türk'üz,
Biz ki milletlerin en kadîmî ve en ulusu Türk'ün başbuğuyuz!"
EMİR TİMUR

O’zbekiston Respublikasi

O`zbekiston BayragiGeografik joylashuvi: O’zbekiston Respublikasi Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida joylashgan, maydoni 447,4 ming kv. km. Respublika chegarasi g’arbdan sharqqa – 1425 km, shimoldan janubga qadar – 930 km. Respublika shimoliy-sharqda Qozog’iston, sharqda va janubiy-sharqda Qirg’iziston va Tojikiston, g’arbda Turkmaniston, janubda esa Afg’oniston bilan chegaradoshdir.

Koordinatlari: 41 0 shimoliy kenglikda., 64 0 sharqiy uzunlikda.

Chegaralari: Davlat chegarasining umumiy uzunligi 6.221 kilometrni tashkil etadi. Jumladan Afg’oniston – 137 km., Qоzоg’iston – 2.203 km., Qirg’iziston – 1.099 km., Tojikiston – 1.161 km. va Turkmaniston bilan – 1.621 km.

Relefi: O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida juda qulay tabiiy-geografik sharoitlarga ega. Mamlakat hududi o’ziga xos past – tekislik va tog’ relefini o’z ichiga oladi.

O’zbekiston hududining katta qismini (4/5 qismi atrofida) pasttekisliklar tashkil etadi. Shulardan eng muhimi Turon past-tekisligidir. Mamlakat sharqi va shimoliy sharqida Tyan-Shan va Pomir tog’ (mamlakatning eng yuqori nuqtasi (4643m.) tizmalari joylashgan. O’zbekiston hududi markazida dunyoning bepoyon cho’llaridan biri – Qizilqum yastanib yotadi.

Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari: Mamlakat yer osti boyliklari tabiiy gaz, qo’ng’ir va tosh ko’mir, oltin, mis, volfram, vismut hamda ochiq neft konlari zahirasiga ega.

Iqlimi: O’zbekiston iqlimi keskin o’zgaruvchan kontinental iqlimdir. Mintaqadagi kunduzgi va tungi, yozgi va qishki havo harorati keskin farqlidir. Yillik havo harorati farqi sezilarli darajada yuqori. Yanvar oyi o’rtacha harorati -6 0 gacha tushadi, iyul oyida o’rtacha havo harorati +32 0 gacha ko’tariladi. Pasttekislik hududlarida yillik yog’ingarchilik miqdori -120-200 mm., cho’l hududlarida -1000 mm. gacha etadi. Yog’ingarchilik miqdori kam bo’lgani sababli, qishloq xo’jaligi sun’iy sug’orish tizimiga bog’liqdir.

Ichki suv havzalari: Mamlakat eng yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryo. Amudaryo uzunligi -1437 km., Сирдарё -2137 км.га етади. O’zbekistonning ko’pgina ichki daryolari suvi oquvi davomida keng dashtu-cho’llarga singib ketadi, faqatgina Amudaryo va Sirdaryo Orol dengiziga borib quyiladi. Respublikada yil davomida suv bilan ta’min etib turuvchi Chordaryo kabi bir necha sun’iy ko’llar mavjud.

Tuproq va o’simliklari: Pasttekisliklar cho’l o’simliklari, tog’lari esa dasht, o’rmon va tog’ oldi yaylovlari o’simliklaridan iborat.

Hayvonot dunyosi: Mamlakat faunasi juda turli-tumandir. Cho’llarda juda kamyob hisoblanagan sayg’oq va uzunligi 1,5 metrga teng echkiemar, baland tog’larda esa qor barsi va tog’ echkisining noyob turlari uchraydi.

Tog’ tizimi: Respublika territoriyasining 1/5 qismini tog’ va tog’ oldi hududi tashkil etadi. Sharqiy hududi o’rta va baland tog’li relefdan iborat: respublika hududi G’arbiy Tyan-Shan (Ugom, Pskem, Chotqol va Qurama tog’ tizmasi) va Pomir-Oloy (Zarafshon, Turkiston, Hisor, Qo’hitangtog’ va Boysuntog’ tog’ tizmasi) tog’ tizmalari yonbag’rini o’z ichiga oladi. Janubdan g’arbga tomon ular qiyalab boradi va pasttekislikka qo’shilib ketadi. Ushbu tog’lar orasida ulkan Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon va Samarqand vohalari yastanib yotadi. Bularning eng kattasi hisoblangan Farg’ona vodiysi -370 kilometr, kengligi 190 kilometrga yetadi. U uch tomondan baland tog’ bilan o’ralgan va faqat g’arb tomoni tekislikdir. Afg’oniston bilan chegara hududda Amudaryo deltasi yoyilib yotadi.

Tabiiy zahiralari: O’zbekiston Respublikasi ulkan sanoat va mineral-xom ashyo, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, qayta ishlash jarayonida olinadigan katta miqdordagi yarim tayyor mahsulotlar, tabiiy boylik zahiralari va rivojlangan infratuzilma imkoniyatlariga ega.

Er osti zahiralarini zamonaviy ravishda izlab topish ishlari qimmatbaho, rangli va noyob metallar zahiralari, turli organik yo?il?i mahsulotlari, neft, tabiiy gaz va gaz kondensanti, qo’ng’ir va yarim koksga oid ko’mir, slanes yoqilg’isi, uran va ko’pgina qurilish uchun zarur xom ashyo turlariga boy konlarni o’zlashtirish bilan bog’liqdir.

O’zbekiston hududida taxminan yuzdan ortiq mineral xom ashyoni o’z ichiga olgan, binobarin bulardan oltmish turi xalq xo’jaligida allaqachon foydalanilayotgan ko’pgina foydali qazilmalar kompleksi aniqlangan.

O’zbekiston oltin, uran, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzi, fosforitlar, kaolin kabi foydali qazilmalar zahirasi bo’yicha nafaqat MDH davlatlari o’rtasida, balki butun dunyoda yetakchi o’rin egallashi tasdiqlangan. Jumladan oltin zahirasi bo’yicha dunyoda to’rtinchi, uni qazib olish bo’yicha yettinchi, mis zahirasi bo’yicha o’ninchi-o’n birinchi o’rinlarni, uran zahirasi bo’yicha yettinchi-sakkizinchi, qazib olishda o’n birinchi-o’n ikkinchi o’rinlarni egallashi qayd etilgan.

Quyida zikr etilgan mineral xom ashyo zahiralari nafaqat mavjud tog’-kon komplekslarida kelajakda qazib olish faoliyati muddatini uzaytiradi, balki ularning oltin, uran, mis, qo’rg’oshin, kumush, litiy, fosfor, kaliy tuzlari, qalay shpati, vollastonit, qishloq xo’jaligi ximiyaviy rudalari va boshqa bir qator foydali qazilmalarning yana qaytadan qazib olishni tashkil qilish va ularning quvvatini oshirishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qadimgi Xorazm: O’rta Osiyoning ikki daryo oralig’idagi yerlari qadimdan Xorazm nazorati ostida bo’lgan. Xorazmning nomi Avestoda Xvariazm, Bihistun yozmalarida Xvarazmish, Arrian va Strabonning tarixiy kitoblarida Xorasmiya sifatida keltiriladi. 8 asrda arab istilochilari tomonidan vayron etilgan Xorazm madaniyati tarixi eramizdan avvalgi 1292 yillarga borib taqaladi. Xorazm butun mintaqa uchun Avestoning muqaddas yeri, qadimiy madaniyat markazi sanalgan. Eramizdan avvalgi 7-6 asrlardayoq Xorazm hududida davlatchilik tuzilmalari mavjud edi. Arxeologik ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi birinchi ming yillikning ikkinchi choragidayoq Amudaryo daryosiga tutashgan kuchli irrigasiya tizimi mavjud bo’lgan. Xorazmda yirik kanallarni tashkil etish uchun markazlashgan kuchli boshqaruv kerak bo’lgani tabiiy. Eramizdan avvalgi 6- asrning o’rtalarida Xorazm Fors podsholigi tomonidan bosib olingan. Forsiylar Xorazmdan turli qimmatbaho toshlarni, zargarlik va kulolchilik mahsulotlarini tashib ketgan. Eng yaxshi ustalar ham Fors podsholari saroyiga olib ketilgan. Eramizdan avvalgi 5-4 asrlarda Xorazm Fors podsholigidan ozod bo’lib, o’z mustaqilligini qayta tiklaydi. Eramizdan avvalgi 4-3 asrlarda Xorazm yozuvi paydo bo’lgan. Xon qarorgohi – Tuproq qal’a, qadimiy maqbara va rasadxona Qo’y-Qirilgan qal’a ham o’sha davrlardayoq mavjud bo’lgan. Grek manbalarining shohidlik berishicha, eramizdan avvalgi 329-328 yillarda Xorazm xoni Farisman yunonistonlik Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) bilan tinchlik bitimi tuzgan.

Qadimgi Baqtriya podsholigi: O’rta Osiyodagi qadimiy davlatchilik tuzilmalaridan biri Qadimgi Baqtriya davlatidir. Qadimiy manbalar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi 8 asrda yirik Baqtriya podsholigi mavjud bo’lgan. Avestoda uning nomi Baxdi, Bihistun yodgorliklarida Baktrish, antik davr adabiyotlarida Baktriana sifatida qayd etilgan. Qadimgi Baqtriya bilan o’sha davr dunyosining boshqa davlatlari – Ossuriya, Yangi Vavilon, Midiya, Hindiston knyazligi o’rtasida aloqalar mavjud bo’lgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, Ossuriya hukmronligi (gegemonligi) qaror topgan eramizdan avvalgi 9-7 asrlarda ossuriyaliklar Baqtriyaga hujum qilishgan. Bu harakat tarixda Ossuriya yurishi nomi bilan ma’lum. Bu yurishning asosiy sababi Baqtriya lazuriti ustidan nazorat o’rnatishga qaratilgan edi.

Eramizdan avvalgi 7-6 asrlarda Qadimgi Baqtriya podsholgi hududiga Surxon, Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Marg’iyona va Sug’d yerlari kirgan. Baqtriyalik ustalar tomonidan tilla, tosh va bronzadan yasalgan turli mahsulotlar Xitoy, Fors davlati va Yevropada juda mashhur bo’lgan. Baqtriyaning yirik shaharlari Qiziltepa, Yer-Qo’rg’on, Uzunqir va Afrosiyob hududlarida joylashgan. O’sha davrda Baqtriyaga tashrif buyurgan sayyoh e’tiborini uylar, hunarmandlarning ustaxonalari va xo’jalik binolari uzra bo’y cho’zib turgan salobatli minoralar tortishi tabiiy edi. Kursiy Rufning yozishicha, “Baqtriyaning tabiati boy va turli-tuman. Ayrim joylarda daraxtlar va toklar o’ta sermahsul hosil beradi, hosildor yerlar ko’plab buloqlardan suv ichadi. Yumshoq yerlarga bug’doy ekiladi, qolgani esa chorva uchun yaylovlardir”.

Eneolit va Bronza davri: O’rta Osiyoda dehqonchilik madaniyatining paydo bo’lishi eramizdan avalgi 3-2 ming yilliklarga to’g’ri keladi. Eramizdan avvalgi 3-ming yillikning ikkinchi yarmi, 2-ming yillikning birinchi yarmida Amudaryoning yuqori qismida aholi punktlari paydo bo’lgan edi. Bu yerlik aholi Badaxshon yoqutini (lazurit) ishlab chiqish va sotish ishlarida ishtirok etardi. Shuningdek ular bilan Hindistondagi Xarapp madaniyati o’rtasida o’sha davrdayoq aloqalar mavjud bo’lgan. Eramizdan avvalgi 2-ming yillikda hind-eron (oriylar) qabilalarining O’rta Osiyo hududi va unga tutushgan sahrolar orqali janubda Hindiston, janubiy-sharqda Midiya va Fors davlati, sharqda Sharqiy Turkiston sari migrasiyasi yuz bergan.

Dehqonlarning qadimiy maskanlaridan bo’lgan Zarafshon vohasidagi Zamonbobo hududida uy hayvonlarining suyaklari, bug’doy va arpa donlari, toshdan yasalgan dehqonchilik uskunalari topilgan. Panjikentdan uncha uzoq bo’lmagan Sarazm qishlog’i atrofida eneolit va bronza davriga oid dehqonchilik maskani topilgan bo’lib, uning hududi 90 gektardan ziyodroq maydonni qamrab oladi. Qadimiy dehqonchilik maskanlari Surxondaryoda – Sopollitepa va Jaro’qtonda ham topilgan. Xorazm hududida topilgan va bronza davriga oid bo’lgan arxeologik yodgorliklar Tozabog’yobsoy dehqonchilik madaniyati nomini olgan. Ko’kcha, Qavat-3 dehqonchilik maskanlari 2-ming yillikning o’rtalarida vujudga kelgan. Bu yerda qadimiy kanallar mavjud bo’lgani aniqlangan. Eramizdan avvalgi 1-ming yillikning boshlarida Xorazmda sun’iy sug’orish texnikasi rivoj topishi asnosida Amirobod madaniyati shakllangan. Shu tariqa Farg’ona vodiysi aholisi ham asta-sekinlik bilan o’troq turmush tarziga o’tib, dehqonchilik bilan shug’ullana boshlaydi. Xususan, eramizdan avvalgi 2-ming yillikning yakuni va 1-ming yillikning boshida Farg’ona vodiysida Chust dehqonchilik madaniyati paydo bo’lgan. 1-ming yillikning boshlarida Samarqand, Marv, Yerqo’rg’on, Axsikent, Xiva kabi shaharlar vujudga keladi. Shuningdek, ushbu davrda zardushtiylikning Avesto kitobi va qahramonlik eposlari paydo bo’ldi.

Iskandar Zulqarnaynning (Aleksandr Makedonskiy) O’rta Osiyoga yurishi: Eramizdan avalgi 334-yilda Iskandar Zulqarnayn Osiyoga yurish boshladi. U Kichik Osiyo, Suriya, Finikiya, Misr va Eronni zabt etib, 329 yilning bahorida Hindikush tog’ini kesib o’tib O’rta Osiyoga hujum qildi. Baqtriya va So’g’diyona hukmdori Bess (u podsho maqomini va Artakserks nomini olgan) Zulqarnaynga qarshi turish befoyda ekanini anglaydi. Iskandar Zulqarnayn Baqtriya qal’alarini birin-ketin bosib olar ekan, Maroqandda o’z garnizonini qoldirib, Sirdaryo tomonga – saklar yeriga yuradi. Ammo yo’lda u mahalliy aholi tomonidan misli ko’rilmagan qarshilikka duch keladi. Ikki tomon kuchlarining o’zaro to’qnashuvlarining birida Iskandar Zulqarnayn og’ir yarador bo’ladi. Yunonlar ta’biri bilan aytganda “daryo bo’yida yashovchi varvarlar” Zulqarnayn garnizoniga katta talofot yetkazadi. Ayni shu vaqtning o’zida Spitamen boshchiligida so’g’dlar ham Iskandar qo’shinlariga qarshi bosh ko’taradi. So’g’dlarga baqtriyaliklar ham kelib qo’shiladi. Spitamen Iskandarga qarshi keskin kurashdi va uning garnizonini Maroqandda to’xtatib qo’ydi. Makedoniya garnizoni Sirdaryo bo’yida zudlik bilan qal’a bunyod etishga kirishadi. Bu qal’a Olis Aleksandriya nomini olgan. Iskandar Zulqarnayn saklar bilan sulh tuzishga erishadi. Keyin esa asosiy kuchini Spitamenga qarshi tashlaydi. Ammo 329-328 yillar davomida yunon-makedon qo’shinlari tomonidan So’g’d hududida amalga oshirilgan beshafqat aksiyalar Iskandar Zulqarnayn kutgan natijani bermaydi. Ikki yillik samarasiz va omadsiz harakatlardan keyin u o’z taktikasini o’zgartiradi. Ayni xususda Kursiy Ruf shunday yozadi: “Iskandar o’ziga bo’ysinishga qarshilik ko’rsatganlarga turli shahar va yerlarni tortiq etdi”. Shu usul bilan Iskandar Zulqarnayn mahalliy zodagonlarni o’ziga qaratishga muvaffaq bo’ldi va ularning ko’magida baqtriya va so’g’diylardan tarkib topgan harbiy kontingent tuzdi. 328 yilning kuzida Iskandar bilan Spitamen o’rtasida hal qiluvchi jang bo’ldi. Spitamen bu jangni boy beradi. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, jangni boy bergan Spitamen o’z ittifoqchilari tomonidan qatl etilgan.

Hisor tog’laridagi Xoriyon va Oksariat qal’alarini o’ziga bo’ysindirgan Iskandar Oksariatning qizi Raxshonaga (Roksana, Ravshanak) uylanadi va shu tariqa mahalliy elitaga qarindosh bo’ladi. Iskandar o’z tomoniga o’tgan so’g’diylardan birini (ayrim ma’lumotlarga ko’ra uning ismi Oropiy bo’lgan) So’g’d podshosi etib tayinlaydi. Shu tariqa uning O’rta Osiyo ustidan hukmronligi o’rnatiladi. 327 yilning yozida esa u Hindikush tog’i orqali Hindiston sari yurishini boshlaydi.

Salavkiylar davlati: Spitamenning o’limi va Iskandarning so’g’d-baqtriya hukmdorlari bilan tuzgan sulhi natijasida 327 yilda O’rta Osiyo Iskandar Zulqarnayn davlati tasarrufiga o’tadi. Mahalliy elitalarning harbiy kontingenti Iskandar Zulqarnayn armiyasiga qo’shiladi. 323 yilda Iskandar Zulqarnaynning o’limi haqdagi xabarni eshitgan So’g’d va Baqtriyadagi grek kelgindilari 20 ming kishidan iborat piyoda askar va 3 ming nafar otliqni yig’ib o’z vatanlariga qaytishga otlandi. Ammo ularni to’xtatish uchun Iskandarning Safdoshi sarkarda Perdik yetib keladi va qochishga shaylangan askarlarni qurolsizlantirib, jazolaydi. O’z vatanlariga qaytishga shaylangan grek askarlariga xayrixohlik bildirgan So’g’d hukmdori (strapi) o’z lavozimidan ozod etildi. Uning o’rniga makedoniyalik Filipp o’tiradi. Ma’lum muddat u har ikki straplikni – So’g’diyona va Baqtriyani boshqarib turdi. 315 yildan keyin mahalliy xalq orasidan tayinlangan straplarning hammasi greklar va makedoniyaliklar bilan almashtirildi. Faqat Oksariat (Iskandarning qaynotasi) va Atropat (Perdikning qaynotasi) o’z lavozimida qoldiriladi. 312 yilda Iskandar sarkardalaridan biri – Salavk Vaviloniyaga ega bo’ldi. Tez orada u o’z yerlarini Sirdaryo va Hind daryolari qadar kengaytirdi. Uning o’g’li Antiox I (Salavk bilan Spitamenning qizi Apama nikohidan tug’ilgan) esa Iskandarning Osiyodagi hududlarining katta qismiga egalik qilgan. O’rta Osiyo hududida ikkita straplik vujudga keldi. Unga So’g’diyona, Baqtriya va Marg’iyona kirdi. Xorazm salavkaylarga bo’ysunmagan. Ahmoniylarning so’nggi vakili va Iskandar davrida ham Xorazm o’z mustaqilligiga ega bo’lgan. Salavk va Antiox O’rta Osiyoda o’z pozisiyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan. Ko’plab qal’a va shaharlar barpo etilgan va ular asosan greklar bilan to’la bo’lgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, Salavk 75 ta shahar qurdirgan. Eng olis shaharlardan biri Yaksart ortida joylashgan Antioxiya shahri bo’lgan. Taxminlarga ko’ra, mazkur shahar hozirgi Toshkent viloyati hududida yoki Farg’ona vodiysida joylashgan. Eramizdan avvalgi 3-asrning 60-yillariga qadar Baqtriyada salavkiylarning zarbxonasi saqlanib qolgan. Bu zarbxonada oltin va kumush tangalar zarb etilgan. Salavkiy hukmdorlaridan biri Antiox II ning davrida (earimizdan avvalgi 261-247 yillar) uning Baqtriyadagi strapi Diodot salavkiy tangalar asosida o’z tangalarini zarb qilgan. Bu uning salavkiylar hukmronligida qandaydir muxtoriyatga ega bo’lganidan dalolatdir. Baqtriya, So’g’diyona va O’rta Osiyodagi boshqa viloyatlarning iqtisodiy hayoti Salavkiylar davlatining g’arbiy viloyatlaridagidan ancha farq qilgan.

Yunon-Baqtriya podsholigi: Eramizdan avvalgi 256 yilda Parfiya, Baqtriya va So’g’diyona Salavkiylar davlatidan ajralib chiqdi. Baqtriya strapi Diodot o’zini shoh deb e’lon qildi va mintaqada gegemonlik uchun kurash boshladi. Bunga javoban, Arshaxidlar Parfiyada hokimiyatni qo’lga kiritdi. So’g’diyona esa Baqtriya hukmronligi ostiga o’tdi. Eramizdan avvalgi 230 yilda So’g’diyona strapi Yevtidem Diodotning vorisini taxtdan ag’dardi. Yunon-Baqtriya bilan Parfiya o’rtasida savdo yo’llarini nazorat qilish borasida doimiy urushlar bo’lib turgan. Eramizdan avvalgi 209-208 yillarda salavkiy hukmdori Buyuk Antiox III Salavkiylar saltanatini qayta tiklash uchun sharqqa yurish boshlaydi. 207 yilda u Parfiyani mag’lubiyatga uchratib, Yunon-Baqtriyaga qarshi harbiy yurish qiladi. Antiox qo’shinlari Yevtidem ustidan g’alaba qozonadi va Yunon-Baqtriya poytaxti Baqtrani qamal qiladi. Qamal ikki yil davom etgan. Nihoyat Yevtidem Antiox bilan tinchlik sulhini tuzishga erishadi. O’z navbatida u Antioxga o’zining barcha jangchi fillarini topshiradi. Yevtidemning o’g’li Demetriy esa salavkiylar malikasiga uylanadi. Magnesiya jangida rimliklar tomonidan salavkiylarga qattiq talofot yetkazilishi natijasida Yunon-Baqtriya podsholigi salavkiylarning ittifoqchilari bo’lgan janubiy knyazliklarni o’ziga bo’ysundirish imkoniyatiga ega bo’ladi. Eramizdan avvalgi 187 yilda otasi Yevtidemning vorisi Demetriy Araxosiyani zabt etadi va Hindiston sari yo’l oladi. Demetriy Shimoliy Hindistonda o’z qo’shinlari bilan ancha muddat qolib ketadi. Bundan foydalangan uning sarkardalaridan biri – Yevkradit 171 yilda Baqtra hokimiyatini qo’lga kiritadi. Yevkraditning podshohligi tarixda “behisob shaharlar podshohligi” degan nom olgan. Xitoy manbalarida yozilishicha, eramizdan avvalgi 165 yilda Yettisoyga (Semirechya) yuechjilarning qadami tekkan. Ular Sirdaryo orqali Amudaryo sohillari tomon yo’l olgan. Ular Baqtriyani egallashga ham muvaffaq bo’lgan. 155 yilda Yevkradit navbatdagi yurishlarning birida o’z o’g’li tomonidan o’ldiriladi. Xuddi shu davrlarda Yunon-Hind podshohligi tashkil topgan edi. 141-128 yillar Yunon-Baqtriya podshohligining tanazzulga yuz tutish davri bo’ldi. Taxminlarga ko’ra, yuechshilar Baqtriyani qo’lga kiritgandan so’ng shoh Geliokl Paropamisada yoki Araxosiyada hokimiyatni saqlab qolgan. O’rta Osiyo ikki yuz yil ellinlar dunyosining bir qismi bo’ldi. Bu davr O’rta Osiyo tarixida jiddiy iz qoldirgan. So’g’d va Baqtriya ellin-makedon harbiy guruhlariga tayangan strapiyalarga aylandi. Hirot, Marv kabi yangidan-yangi shaharlar vujudga keldi. Mintaqada yunon standartlari bo’yicha tangalar zarb etildi. Mintaqaga yunon xudolari panteoni, yunon adabiyoti va teatri kirib keldi. Mahalliy va yunon madaniyatining o’zaro sintezi sodir bo’ldi.

Kangyuy: Xitoy tarixchisi Si Ma-syan o’z kundaliklarida “yuechjilarnikiga o’xshash an’ana va urf odatlarga” ega bo’lgan ko’chmanchi Kangyuy yoki Kandzyuy va Kangxa davlatlari haqida ma’lumot beradi. Antik davr tarixchilari asarlarida Kangxa davlati tilga olinmagan, ammo Avesto va Maxabxarata kitoblarida saklar va toxarlar bilan bir qatorda kankilar to’g’risida ham atroflicha ma’lumot berilgan. Ancha keyingi Xitoy xronikalarida Amudaryo shimolida joylashgan Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo’rg’on atroflari, Toshkent vohasi hamda Xorazmning shimoliy qismidan iborat barcha davlatlar Kangyuy davlatiga qaram bo’lganligi aytiladi. Xitoy manbaalarida keltirilishicha Kangyuy davlati rahbarlari “Chao-vu” deb nomlanganlar. Umuman “djabgu” bo’lishi ham ehtimoldan holi emas, chunki xitoy transkriptlarida bu aynan ana shunday talaffuz qilinadi. Eramizdan avvalgi II asrning ikkinchi yarmi – eramizdagi I asrlarida Kangyuy davlatining qudrati o’z cho’qqisiga chiqdi. Davlatning janubiy o’lkalarida yuechjeylar, shimolida esa xunlar ta’siri kuchli bo’lgan Kangyuy davlatining qisqa muddatli tanglik davri Baktriyada yuechjeylar qirolligining kuchsizlanishi bilan nihoyasiga yetdi. Eramizda avvalgi II-I asrlarda Kangyuy davlatida o’z tangalarini zarb etish hamda pul almashinuvini yo’lga qo’yishga bo’lgan urinishlar kuzatildi. Ushbu jarayonda Grek-Baqtriya hukmronligi vaqtida amal qilgan tangalardan nusxa sifatida foydalanilgan. Kangyuy moddiy madaniy tarraqqiyot darajasi Xorazm, xususan shaharning o’ng qirg’og’ida joylashgan Janbas-qal’a hududida amalga oshirilgan qazuv ishlari natijalarida namoyon bo’ladi. 200×170 hajmdagi qal’a balandligi 10-11 metrlik xom g’ishtdan qilingan devor bilan o’ralgan. Darvozadan qal’a markazi sari keng ko’cha yotqazilgan. Ko’cha oxirida qurbonlik keltirish uchun aylana shaklidagi metal supaga ega bo’lgan muqaddas olov saqlash binosi qoldiqlari qazib ochilgan. Kangyuy davrida odamlar turli dinlarga mansub bo’lgan: zardo’shtiylik, Anaxita oqimi, ot siymosida namoyon bo’lgan Mitra oqimi.

Ushbu davrda Kangyuy madaniyati bilan bog’liq harbiy texnika sohasida erishilgan eng muhim muvaffaqiyatlardan biri bu keyinchalik keng tarqalgan taktik uslublar bo’ldi: masalan, janglarda aslahalar bilan himoyalangan otlar va sovut kiygan chavandozlar safining jipslashtirilgan holda tuzilishi. Chavandozlar kamon, nayza va qilich bilan qurollanganlar. Kangyuyning Kushon imperiyasi tarkibida bo’lganligi hali ham noma’lum. Xitoy manbaalariga asosan Kangyuy eramiz boshida ham o’z mustaqilligini saqlab qolgan hamda yansay (aorslar-alanlar) va boshqa qabilalar ustidan hukmronlik qilgan.

Kushonlar davlati: Yuechjeylarning eramizdan avvalgi II asr o’rtalarida Grek-Baqtriya davlatiga bostirib kirishi ushbu davlatni tamomila tugatilishiga olib keldi. Yuechjeylarning dastlabki mulklari shimoliy Baqtriya hududlarida bo’ldi (zamonaviy O’zbekistonning janubiy hududlari va Tojikiston). Kushon davlati eramizning I asri birinchi yarmida yuechjeylar davlati amirliklaridan biri Kushonning yuksalishi oqibatida yuzaga keldi. Kushon xitoychada Guyshuan deb talaffuz qilinib, yuechjey qabilalaridan birining nomi bo’lish ehtimoli bor. Davlat asoschisi yabgu (amir) bo’lgan. Keyinchalik podshoh Kudjula Kadfiz hukmronligi ostida kushonlar hozirgi Afg’oniston va Pokistonning katta qismini bosib oldilar. Uning merosxo’ri Vime Tok hukmronligi davrida kushon mulklariga Hindistonning katta bir qismi qo’shildi. Kushon davlatining gullab-yashnashi Kanishka hukmronligi davriga to’g’ri keldi (taxminan eramizning 78-123 yillari). O’sha davrda poytaxt Baqtriyadan Peshovorga ko’chirildi, mamlakat sarhadlari esa Hindiston va Xo’tongacha bo’lgan o’lkalarni qamrab oldi. Markaziy Osiyoda Kushon davlatining chegaralari hozirgi O’zbekiston janubidagi Hisor tog’ tizmalari cho’qqilaridan o’tgan. O’sha yerdagi baland tog’ daralarida (Darband) mustahkam chegara inshootlari qad ko’tardi. O’sha davrlarda davlat sarhadlarida yangidan-yangi shaharlar qad ko’tardi, Hindiston, Xitoy va Rim imperiyasi bilan savdo munosabatlari o’rnatildi. Pompeyda olib borilgan qazish ishlari mobaynida kushon tangalari hamda kushon ustasi tomonidan suyakdan yasalgan figuralar topildi. Kushon davrida me’morchilik yuksak rivojlandi. Ayniqsa saroylar va ibodatxonalar qurilishiga katta e’tibor qaratildi. Kushon hukmdorlarining Xolchayondagi saroyida va eski Termiz va Dalvarzindagi budda ibodatxonalarida yuqori badiiy did bilan ishlangan devor chizgilari va haykaltaroshlik namunalari yaxshi saqlanib qolgan.

Xolchayon, Dalvarzin va Ayritomda olib borilgan qazish ishlari davomida kushon ustalarining yuksak mahoratidan dalolat beruvchi bronza idishlar, muhtasham shag’amsupalar, ko’zgular hamda zargarlik mahsulotlari topilgan. Dehqonchilik imperiya iqtisodiyotining tayanchi bo’lgan. Yer hosildorligini oshirish maqsadida turli o’g’itlardan keng foydalinilgan. Tog’ oldi hududlari va cho’llar chorvachilik maqsadlarida foydalanilgan.

Termizda olib borilgan qazuv ishlari davomida oramiy tili asosida yozilgan xatlar topilgan. Kushon kursiv xati o’zining o’tkir burchakli, kvadrat va aylana shaklidagi harflari bilan ajralib turar hamda o’sha davrlarda juda keng tarqalgan edi. Kanishka davrida Kushon davlatiga buddizm kirib keladi va tez orada davlat diniga aylanadi. Ammo shu bilan birga zardo’shtiylik va mahalliy O’rta Osiyo, Hindiston, Eron, Yunoniston va Misr xalqlari dinlari ham o’z kuchini yo’qotmaydi. Kushon davlati eramizning III asri birinchi yarmining oxirida barham topdi. Baktriya va Toxariston maxsus mulk huquqi ostida Sosoniylar imperiyasi tarkibiga qo’shildi. Ushbu imperiya sosoniy podshohlar xonadoni a’zolari tomonidan boshqarilib, ular kushonshoh tituligi egalik qilgan.

Qaynaq: TIV

O`zbekiston xaritasi

Oxunma sayı: 22045